Prezidentning 28.05.2022 yildagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-262-son qarori qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Prezidentning 28.05.2022 yildagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-262-son qarori qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining quyidagi takliflari ma’qullandi:

  • 2022 yil hosilidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan jami 2 550 ming tonna bug‘doyning ishlab chiqarish;
  • 1 783,5 ming tonnasini tovar bug‘doy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasini urug‘lik uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilish;
  • 500 ming tonnasini fermer xo‘jaliklari hamda boshqa g‘alla yetishtiruvchilar tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Jamg‘armaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilish.

Hujjat bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan va bug‘doy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:

  • 3 va undan yuqori sinflardagi bug‘doy – mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birjadan xarid qilingan bug‘doyning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan, un ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga;
  • 4- va 5-sinflardagi bug‘doy – barcha tadbirkorlik sub’ektlariga birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.

G‘allani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bug‘doy yetishtiruvchilar manfaatdorligini ta’minlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining o‘sishi va taqchilligining oldini olish bo‘yicha Respublika shtabi tashkil etildi.

Quyidagilar Respublika shtabining asosiy vazifalari:

  • bug‘doyni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish va boshoqli don ekinlari yetishtirilishini moliyalashtirish ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha taklif tayyorlash;
  • g‘allani o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish, daladan don qabul qilish shoxobchalariga nest-nobud qilmasdan olib kelish va grafik asosida birja savdolariga chiqarish ishlarini tashkil etish;
  • g‘allani tasdiqlangan grafik asosida birja savdolariga chiqarish hamda to‘lovlarning amalga oshirilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatish;
  • g‘allani sotib olish va sotish bo‘yicha yangi tizim shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bug‘doy yetishtiruvchilar manfaatdorligini ta’minlash.